Sinquefield Cup 2025: Abdusattorov ilk ochkosini qo'lga kiritdi
AQShning Sent-Luis shahrida 350 ming dollarlik mukofot jamg‘armasiga ega nufuzli Sinquefield Cup 2025 musobaqasining 3-tur bahslari yakunlandi. Grand Chess Tour’ning yakuniy klassik bosqichi aylanma tizimda 9 turdan iborat bo‘lib, 29 avgustgacha davom etadi. Ikki mag‘lubiyatdan so‘ng hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov (2771) nihoyat ilk ochkosini qo‘lga kiritdi. U 3-turda hindistonlik raqibi Rameshbabu Praggnanandha (2779) bilan durangga imzo chekdi.
Eslatib o‘tamiz, Abdusattorov avvalgi turlarda amerikalik Levon Aronyan va amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuga mag‘lub bo‘lgan edi. Praggnanandha esa shu paytgacha Gukeshni mag‘lub etgan va Fabiano Caruana bilan durang qayd etgan.
3-turdagi yagona g‘alabani Fabiano Caruana qo‘lga kiritdi — u fransiyalik Alireza Firuzjani mag‘lub etdi. Qolgan uchrashuvlar durang bilan yakunlandi.
Hozirgi turnir jadvalida Caruana 2 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Shu qadar ochkoga ega Aronyan va Praggnanandha ham undan ortda emas. Abdusattorov esa yarim ochko bilan hozircha 10-pog'onada turibdi.
Bugun, 22:00da 4-tur bahslari start oladi. Abdusattorov oq donalarda peshqadam Fabiano Caruanaga qarshi o‘ynaydi.
Sinquefield Cup 2025 — 3-tur natijalari:
• Sem Sevian (AQSh) – Gukesh Dommaraju (Hindiston) ½–½
• Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston) – Rameshbabu Praggnanandha (Hindiston) ½–½
• Fabiano Caruana (AQSh) – Alireza Firuzja (Fransiya) 1–0
• Maksim Vashye-Lagrav (Fransiya) – Levon Aronyan (AQSh) ½–½
• Yan-Krishtof Duda (Polsha) – Uesli So (AQSh) ½–½
4-tur juftliklari:
• Uesli So (AQSh) – Alireza Firuzja (Fransiya)
• Levon Aronyan (AQSh) – Yan-Krishtof Duda (Polsha)
• Gukesh Dommaraju (Hindiston) – Maksim Vashye-Lagrav (Fransiya)
• Rameshbabu Praggnanandha (Hindiston) – Sem Sevian (AQSh)
• Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston) – Fabiano Caruana (AQSh)