“Humo”ning rossiyalik matbuot kotibi jamoa atrofidagi vaziyat yuzasidan bayonot berdi
Toshkentning “Humo” xokkey klubi axborot xizmati rahbari Aleksandr Malishev klub atrofida yuzaga kelgan muammolar va ularga munosabati haqida fikr bildirdi.
“Uzoq vaqt jim turdim, ammo baribir o‘z pozitsiyamni bildirishga qaror qildim. Matbuot xizmatiga uzoq yillar rahbarlik qilgan inson sifatida vaziyatni targ‘ib qilib yuborish menga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki men 2019 yilda klub yaratilishida boshida turganman va keyingi yillarda uni rivojlantirgan jamoa bilan elkadosh bo‘lganman. Shu bilan birga, klubning tashqi imiji uchun ham mas’ul bo‘lganman. Bu kabi vaziyatda jim turish noto‘g‘ri bo‘lardi. Natijada, barcha soyadan chiqib, O‘zbekiston Prezidentiga murojaat yo‘llashdi. Endi savol qolmadi, deb o‘ylayman.
Maoshlarnig kechikishi klubda ilk kunlardanoq kuzatilgan muammolardan biri. Eshitishimcha, yaqinda rahbariyat 2023/24 mavsumi uchun mukofot puli bo‘yicha qarzlarni to‘lagan. Demak, ma’lum natijalarga erishilmoqda. Bu — vaqt masalasi.
Bu mavsum biz uchun oson kechmadi. Ilk bor mavsum oralig‘ida xodimlar, jumladan, matbuot xizmati ham ishdan bo‘shatildi. Bosh homiyning klubni to‘liq qo‘llab-quvvatlash imkoniyati yo‘qday ko‘rindi. Bu faqat “Humo”ning muammosi emas.
Tush ko‘rsam, “Humo”ni VHLda tasavvur qilaman. Oxirgi uch mavsumda Qozog‘iston chempionati biz uchun ancha maqbul bo‘ldi. Ammo endilikda Qozog‘istondagi legionerlar haqidagi yangi qonunlar O‘zbekiston klublarini bu ligani tark etishga majbur qilmoqda. Qarshimizda turgan eng to‘g‘ri yo‘l — davlat-xususiy sherikligi asosida moliyalashtirish”, — deb yozdi Malishev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Humo” jamoasi xokkeychilari maoshlar kechikkani sababli O‘zbekiston Prezidentiga murojaat yo‘llagandi.