Haqiqiy sensatsiya: Quvayt Armanistonni mag'lub etdi va shu orqali O'zbekistonga birinchi o'ringa chiqishda yordam berdi
16 aprel kuni Yerevan shahrida (Armaniston) kattalar o'rtasidagi xokkey bo'yicha jahon chempionati IV divizionining uchinchi tur o'yinlari bo'lib o'tdi. Kunning ilk uchrashuvida O'zbekiston terma jamoasi Eronga qarshi maydonga tushdi va 20:0 hisobida yirik g'alabani qo'lga kiritdi. Ikkinchi o'yinda Indoneziya Malayziyani 7:4 hisobida mag'lub etdi.
Turnir mezboni Armaniston Quvaytga qarshi o'yinda kutilmagan ravishda imkoniyatni boy berdi - o'yin overtaimda 4:5 hisobida yakunlandi. Bu natijalarga ko'ra, 7 ochko to'plagan O'zbekiston terma jamoasi divizion peshqadamiga aylandi. Armaniston ikkinchi o'ringa tushib ketdi. Har bir jamoani oldinda yana ikki o'yin kutmoqda. O'zbekiston xokkeychilari ushbu o'yinlarni asosiy vaqtda yutsa, III B divizioniga chiqish imkoniyatiga ega bo'ladi.
18 aprel kuni O'zbekiston terma jamoasi to'rtinchi turda Indoneziyaga qarshi maydonga tushadi. O'yin Toshkent vaqti bilan soat 15:00 da boshlanadi. Armaniston esa shu kuni Eronga qarshi o'ynaydi.