«Yuventus» eʼtiborini Brahim Diasga qaratdi
Turinning «Yuventus» klubi «Real Madrid» hujumchisi Braim Diasga qiziqish bildirmoqda. Tuttosport nashrining xabar berishicha, Italiya jamoasi futbolchini yozgi transfer oynasidagi asosiy maqsadlaridan biri sifatida koʻrmoqda.
Dastlab «byankoneri» tarkibni «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Bernardo Silva evaziga kuchaytirmoqchi edi, biroq jamoaning kelgusi mavsumda UEFA Chempionlar Ligasida ishtirok etishi kafolatlanmagani ushbu transferni sezilarli darajada qiyinlashtirib yubordi. Moliyaviy cheklovlar tufayli Turin klubi boshqa variantlarga oʻtishga majbur boʻldi va ular orasida Dias nomzodi birinchi oʻringa chiqdi.
Maʼlumot uchun, Diasning madridliklar bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilga qadar moʻljallangan. Transfermarkt portali hujumchining ayni damdagi transfer qiymatini 35 million yevroga baholamoqda.