YChL. «Chelsi» oʻz maydonida «Barselona»ni yirik hisobda magʻlub etdi
UEFA Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 5-turi doirasida «Chelsi» oʻz maydonida «Barselona»ni qabul qildi va yirik 3:0 hisobida gʻalaba qozondi.
Uchrashuvda hisob 27-daqiqada ochildi. Mehmonlar himoyachisi Jyul Kunde kutilmaganda oʻz darvozasini ishgʻol qilib qoʻydi. 55-daqiqada Estevao ustunlikni mustahkamladi. 74-daqiqada esa Liam Delap jamoasining uchinchi goliga mualliflik qildi.
Qayd etish lozim, bellashuvda londonliklarning uchta goli turli sabablarga koʻra inobatga olinmadi. Kataloniyaliklar esa 44-daqiqadan boshlab maydonda bir kishi kam boʻlib harakat qilishiga toʻgʻri keldi.
Shu tariqa, ushbu gʻalabadan soʻng «Chelsi» oʻz ochkolari hisobini 10 taga yetkazib oldi va umumiy turnir jadvalining yuqori qismidan joy oldi. «Barselona» esa 7 ochko bilan jadvalning oʻrta qismida bormoqda.
YChL. 5-tur
«Chelsi» — «Barselona» 3:0
Gollar: Kunde (avtogol, 27), Estevao (55), Delap (74).