Yamal: «Messi tarixdagi eng zoʻr futbolchi, lekin men oʻz yo‘limdan borishni istayman»
«Barselona» va Ispaniya milliy jamoasi hujumchisi Lamin Yamal «Inter Mayami» va Argentina milliy jamoasi hujumchisi, katalon klubining afsonasi Lionel Messi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Men Messini kimligi va futbol uchun qanday ahamiyatga ega ekani uchun hurmat qilaman. Agar bir kun kelib maydonda to‘qnash kelsak, bu hurmat o‘zaro bo‘ladi. U — tarixdagi eng zo‘ri. Men Messi bo‘lishni istamayman, u ham biladi — men hech qachon u bo‘lishni xohlamayman. Men o‘z yo‘limdan borishni istayman, hammasi shu», — deya Yamalning so‘zlarini keltiradi CBS News.
Transfermarkt portali ma’lumotiga ko‘ra, Yamalning hozirgi bozor qiymati 200 million yevroga baholanmoqda. Futbolchi joriy mavsumda o‘tkazgan 14 o‘yinda yettita gol urdi va to‘qqizta golli uzatma berdi. Umuman olganda, Lamin «Barselona»ning asosiy jamoasi safida 120 ta o‘yin o‘tkazib, 32 gol va 43 golli uzatma qayd etgan.