Xulian Alvaresning «Barselona»ga transferi amalda imkonsiz masalaga aylandi
Madridning «Atletiko» hujumchisi Xulian Alvaresning «Barselona»ga oʻtishi, kataloniyaliklarning ushbu transfer ustida olib borayotgan harakatlariga qaramay, ayni damda amalda imkonsiz deb hisoblanmoqda. Bu haqda Sport.es nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, «Atletiko» va «Barselona» oʻrtasidagi muzokaralar «matraschilar» futbolchining yakuniy narxini 100 million yevrodan yuqori qilib belgilaguniga qadar muvaffaqiyatli davom etayotgan edi. Buning ustiga, argentinalik forvardga «PSJ» ham qiziqish bildira boshladi. Parijliklar koʻk-anorranglilardan farqli ravishda «Atletiko» soʻrayotgan summani toʻliq toʻlashga tayyor.
Ta’kidlanishicha, Madrid klubi kataloniyaliklarning Alvares transferiga boshqa futbolchilarni, xususan, Mark Bernal, Fermin Lopes yoki Ronald Arauxoni qoʻshib berish borasidagi taklifini ham rad etgan.