Xabi Alonso Luka Modrichni “Real”da saqlab qolmoqchi
Klublar o'rtasidagi Jahon chempionati arafasida “Real” bosh murabbiyi etib tayinlanadigan ispaniyalik mutaxassis Xabi Alonso yangi jamoasi uchun transfer siyosatini rejalashtira boshladi. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko'ra, Alonso birinchi navbatda Luka Modrichni jamoada saqlab qolmoqchi. 39 yoshli xorvatiyalik futbolchining shartnomasi joriy mavsum oxirida yakuniga yetadi va “qaymoqranglilar” rahbariyati uning yoshini hisobga olib shartnomani uzaytirmaslikka qaror qilgan.
Shu sababdan, Alonso “Real” rahbariyatidan qarorni o'zgartirishni va Modrichga yangi bir yillik shartnoma taklif qilishni so'ragan. Futbolchining o'zi esa 2026-yilda bo'lib o'tadigan Jahon chempionatidan so'ng faoliyatini “Santyago Bernabeu”da yakunlashni istamoqda.
Madrid klubida qolish uchun Luka Modrich maoshini sezilarli darajada kamaytirishga ham tayyor. Alonso rahbariyat uning fikrini inobatga olib, faxriy futbolchi bilan hamkorlikni kelasi yilning iyun oyiga qadar davom ettirishga rozi bo'lishiga umid qilmoqda.