Vinisius Junior va «Real» o‘rtasidagi yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralarga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omil ma’lum bo‘ldi
Vinisius Junior va «Real» o‘rtasidagi yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralarga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omil ma’lum bo‘ldi.
Braziliyalik vingerning amaldagi shartnomasi 2027 yilning iyunigacha mo‘ljallangan bo‘lib, uning yillik maoshi taxminan 18 million yevroni tashkil etadi. 2025 yilda klub unga 20 mln yevrolik yangi bitim taklif qilgan, biroq futbolchi tomoni buni rad etib, o‘z shartlarini ilgari surgan. Klub esa buni qabul qilmagan va tomonlar hanuzgacha bir to‘xtamga kelmagan.
The Athletic xabariga ko‘ra, asosiy kelishmovchilik – shartnoma imzolaganlik uchun beriladigan bonus miqdoridir. «Real» klubdagi maoshlar limitini oshirmoqchi emas, shu sababli Vinisiusning vakillari daromadni ko‘paytirishning yagona yo‘li sifatida aynan shu bonusga umid qilmoqda.
Futbolchining vakillari Kilian Mbappeni misol qilib keltirishmoqda. Mbappe ham Vinisius bilan deyarli bir xil maosh oladi, lekin «PSJ»dan o‘tish vaqtida Vinisiusga taklif qilinayotganidan ancha katta miqdorda bonus olishga erishgan.
«Madrid» rahbariyati Vinisiusning talabini qondirish jamoa ichida boshqa shartnomalarni uzaytirish jarayonida xavfli «domino effekti»ni keltirib chiqarishidan xavotirda. Qayd etilishicha, agar bu yangi bitim imzolanishiga yordam bersa, futbolchi o‘z talablarini pasaytirishga tayyor.