Trent Aleksandr-Arnold “Real” safida klublar o'rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etadi
Madridning “Real” klubi o'ng qanot himoyachisi Trent Aleksandr-Arnold klublar o'rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etish huquqiga ega bo'ldi. Futbolchi ispan grandi bilan 2025-yilning 1-iyunidan kuchga kiradigan shartnoma imzoladi.
Klublar o'rtasidagi Jahon chempionati 15-iyundan 13-iyulga qadar AQShda bo'lib o'tadi. Turnirning guruh bosqichida 6 ta konferensiyadan 32 ta jamoa 8 guruhga bo'lingan holda ishtirok etadi.
Har bir guruhdan ikkita eng yaxshi jamoa pley-off bosqichiga yo'l oladi. Final o'yini 13-iyul kuni Nyu-Jersi shtatining Sharqiy Ruterford shahridagi “MetLife” stadionida bo'lib o'tadi. Turnirning sovrin jamg'armasi 1 milliard dollarni tashkil qiladi.
Ma'lumot uchun, Trent “Liverpul” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2016-yilda asosiy jamoada debyut qilgan. Trent mersisaydliklar bilan ko'plab sovrinlar, jumladan, Chempionlar Ligasida ham g'olib chiqqan.