Toni Kroos yaqin kelajakda «Real»ning asosiy oʻyinchisi kim boʻlishini aytdi
«Real Madrid» klubining sobiq yarimhimoyachisi Toni Kroos jamoaning yosh iqtidori Arda Guler haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Nemis afsonasining fikricha, turkiyalik futbolchi yaqin kelajakda Madrid jamoasining hal qiluvchi o‘yinchisiga aylanadi.
«Arda Guler — «Real»ning kelajakdagi asosiy o‘yinchisi. U bu yil juda ko‘p o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi va yaqin kelajakda klub uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi. Uning eng optimal pozitsiyasi — raqib darvozasi yaqinidagi «o‘nlik» (pleymeyker) roli. Arda ajoyib yakunlovchi uzatmaga ega, shuning uchun u hujumchilar va vingerlarga yaqinroq harakat qilishi kerak. Guler forvard emas, shu sababli uning markaziy hujumdagi imkoniyatlari cheklangan. Shu bilan birga, u maydon chuqurligidan turib ham xavfli vaziyatlar yarata oladi», — dedi Kroos.
Ma’lumot uchun, joriy mavsumda Guler barcha turnirlar doirasida 50 ta uchrashuvda ishtirok etib, 6 ta gol urdi va 14 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali 19 yoshli yarim himoyachining bozor qiymatini 90 million yevroga baholamoqda.