Tojikiston klubi O‘zbekiston termasi himoyachisini sotib olmaydi
“Istiqol” klubi “Rubin” va O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Rustam Ashurmatovni xarid qilishdan voz kechdi. Ushbu qaror futbolchining yuqori transfer narxi bilan bog‘liq.
Tojikiston klubi rasmiy taklif yuborgan, biroq “Rubin” tomonidan qo‘yilgan moliyaviy talablar “Istiqol”ni qoniqtirmagan. Manbalarga ko‘ra, qozonliklar futbolchini o‘z rejalariga kiritmagan va uni sotish orqali daromad olishni maqsad qilgan.
27 yoshli himoyachiga qiziqish bildirgan yana bir klub — Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi edi. Qishda tomonlar deyarli kelishib olishgan, biroq kelishuv “Rubin” tashabbusi bilan yakunda bekor qilingan.
Shu bilan birga, manbalar yozishicha, yozda vaziyat o‘zgarishi mumkin. Agar manfaatli taklif tushsa, “Rubin” muzokaralarni davom ettirishga tayyor.