Superliga davom ettirilishi oldidan klublar uchun maxsus seminarlar bo'lib o'tmoqda
Superliga davom ettirilishi oldidan klublar uchun maxsus seminarlar bo'lib o'tmoqda.
O‘zbekiston futbol hakamlari markazi tajribali instruktorlari tomonidan futbolchilar va murabbiylar shtabiga o‘yin qoidalariga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar, o‘yin tempini oshirishga qaratilgan yangiliklar hamda xalqaro musobaqalarda qo‘llanilayotgan zamonaviy hakamlik yondashuvlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berilmoqda.
Shuningdek, mazkur qoida va o‘zgartirishlarning kelgusida Superliga, Proliga, Birinchi liga hamda ayollar Oliy ligasi uchrashuvlarida ham amaliyotga tatbiq etilishi, ularni qo‘llash tartibi va mazmun-mohiyati ishtirokchilarga batafsil tushuntirilmoqda.
Xususan, "Qizilqum", "Paxtakor", “Xorazm” (U-21), “Buxoro” (U-21, U-19, qizlar) jamoalarida mazkur seminarlar o‘tkazildi. Belgilangan reja asosida barcha professional klublarda ham shunday mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Mazkur seminarlar o‘yin qoidalarining yagona talqinda qo‘llanilishini ta’minlash, futbol ishtirokchilarining qoidalarga oid bilimlarini mustahkamlash hamda Superliga, Proliga, Birinchi liga va Ayollar oliy ligasi uchrashuvlarini yuqori saviyada tashkil etishga xizmat qiladi.