Sanches: «Xotirjamlikni saqladik va imkoniyatlardan foydalandik»
"Chelsi" darvozaboni Robert Sanches Angliya chempionatining 37-turida "Tottenxem"ga qarshi o‘yindagi (2:1) g‘alaba haqida fikr bildirdi.
"Bizda o‘yinga tayyorgarlik uchun atigi 48 soat bor edi, shuning uchun oson bo‘lmadi, ayniqsa finaldan keyin, u yerda sovrin yutish imkonimiz bor edi. Ammo biz kayfiyatimizni o‘zgartirib, yana bor kuchimizni berishimiz kerak edi, chunki uch ochko olsak, dam olish kunlarida ham Yevrokuboklarga chiqish imkoniyati saqlanib qolishini bilardik. Shunday ham bo‘ldi — yaxshi mashq qildik va yigitlar maydonga chiqib o‘zlarini ko‘rsatishdi.
Biz "Tottenxem" katta energiya bilan kelishiga tayyor edik. Ular jon saqlash uchun kurashayotgani aniq edi, shuning uchun 90 daqiqa davomida ularga mos darajada harakat qilishimiz kerak bo‘ldi. O‘ylashimcha, jamoa bu vazifani bajara oldi. Kerak paytda bosim ostida xotirjamlikni saqladik va imkoniyatlardan foydalandik.
Albatta, o‘tkazib yuborilgan goldan keyin vaziyat biroz o‘zgardi, raqib ruhlanib ketdi. Ammo biz buni ham to‘g‘ri qabul qildik va g‘alabaga erishdik.
Bu katta derbi edi, mavsumdagi so‘nggi uy o‘yinimiz ham bo‘ldi. Shuning uchun muxlislarimiz va o‘zimiz uchun g‘alaba qozonganimizdan juda xursandman. Biz ularga g‘alaba taqdim etmoqchi edik", — dedi Sanches klubning rasmiy saytiga bergan intervyusida.