Ro'ziqul Berdiev: “Andijon” o'yinida o'zgarish va darajasi yuqori o'yinchilari borligi uchun biz ikkinchi raqamda o'ynadik”
“Andijon” – “Nasaf” (1:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining dastlabki qismida mehmonlar bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev qatnashdi.
- Bu gapni har doim aytamiz: Andijondagi stadionda ajoyib muhit yaratiladi. O'yinga keladigan bo'lsak, albatta ikkala jamoa ham birinchi o'rinni olib keyingi bosqichga chiqishni istaydi. Shuning uchun bugungi uchrashuvda kurash ham bo'ldi, futbolchilarda ishtiyoq borligi ham ko'rinib turdi. Yigitlarimiz tushungan holda maydonga chiqishdi. Chunki “Andijon” jamoasi o'yinida o'zgarish borligi va tarkibida mahorati, darajasi yuqori o'yinchilarga ega ekanligini hisobga olib biz ikkinchi raqamda o'ynadik, ko'proq himoyalandik. Bir-ikkita vaziyatlarni hisobga olmaganda, himoyada yaxshi harakat qildik. Iroda ko'rsatib, g'alabani ham ilib ketishimiz mumkin edi. Gol urganimizdan keyin bizda ozgina tashabbus bor edi. Shunga qaramasdan durang bo'ldi. O'ylaymanki, o'yinga mos bo'ldi.
- “Nasaf” jamoasi gol urgandan keyin qandaydir durangni ushlab qolish uchun harakat qilgandek ko'rindi.
- To'g'ri, ta'kidladingiz, bu rost. CHunki bugungi tarkibimiz va holatimiz bilan hozir aytib o'tganimdek, “Andijon” jamoasini qanchalik kuchligigini. Ularda mahoratli futbolchilar borligi uchun ikkinchi bo'limda bizni durang ham qoniqtirgan holda harakat qildik. Ikkinchi bo'limda o'yinni boshidan joylashuvimizga o'zgartirish kiritdik. Bu “Andijon” jamoasi uchun noqulaylik tug'dirdi. Biz esa gol urdik va yana vaziyatlar yaratdik. Shunga qaramasdan, “Andijon” ko'proq hujum qilib, ko'proq vaziyatlar yaratgandir, ammo darvozabonimiz va himoyachilarimiz yaxshi harakat qilishdi.
- Jamoa legioneri Sokari nima uchun maydonga tushirilmayapti?
- O'tgan yili kelib, bizda jarohat oldi va oyog'i operasiya qilingan. To'liq tiklanib bo'lgani yo'q. Biz unga shartnoma bermasligimizni o'zi ham biladi. Shuning uchun o'yinga tushgan uchrashuvlarda ham o'zini ayab o'ynayotgani uchun uni maydonga kam tushiryapmiz. Uni ham tushunish mumkin, chunki yana jarohat olib qolsa, hech kimga kerak bo'lmay qolishi mumkin. Maqsadimiz yoshlarga ko'proq imkoniyat berish. Ko'rdinglar, zaxiramiz bugun faqat yoshlardan iborat edi. Tajribasini oshirib borishsa, bu jamoamizning yutug'i bo'ladi.