Islom Ahmedov: “Bizga har bir uchrashuv tajriba bo'lyapti”
“Andijon” – “Nasaf” (1:1) bellashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Islom Ahmedov savollarga javob qaytardi.
- Xohlaymizmi-xohlamaymizmi, baribir “Nasaf” O'zbekistonni eng yaxshi jamoalaridan biri. Ularda bir-ikki futbolchi yo'q bo'lsa ham, yurib kelayotgan mexanizm bor. O'yinchilarining yo'qligi u qadar sezilmadi ham. O'yinni qiyin o'tishini bilardik. Lekin Xudoga shukr, futbolchilarimiz yaxshi harakat qilishdi. Ayniqsa, birinchi bo'limni 30-daqiqasigacha ajoyib o'yin ko'rsatishdi. Shundan keyin biroz raqibni orqaroqda kutib oldik. SHuni hisobiga va oraliq masofalarni kattayib ketgani hisobiga tashabbusni biroz berib qo'ydik. Ikkinchi taym boshini ham shunaqa o'tkazganimiz evaziga gol o'tkazib yubordik. Umumiy olganda, yomon emas. Ko'p hujumlar qildik, yigitlar yaxshi harakat qilishdi. O'yinni ko'rib, tahlil qilib chiqamiz. Xatolar ustida ishlaymiz. Bizga har bir uchrashuv tajriba bo'lyapti.
- Zaxiradan maydonga tushayotgan futbolchilar avvalgi o'yinlarda faol ishtirok etishayotgandi. Bu safar biroz sustroq bo'lgandek. Bu toliqish bilan bog'liqmi yoki boshqa sababi bormi?
- Balki shunaqadir. O'yinni ko'rib chiqqandan keyin tahlil qilib chiqamiz. Biroq ularni ham yomon o'ynadi, deb ayta olmaymiz. Sababi, zaxiradan maydonga tushgan futbolchilarimiz aksincha o'yinni kuchaytirishdi. Ular o'yinga qo'shilgach, ko'proq hujumlar qildik. Vaziyatlarimiz ko'p bo'ldi. YOmon o'ynashgani yo'q. Ko'nglimiz to'ldi, qoniqdik.
- Jamoani g'alaba qozona olmaganiga nima yetishmadi, deb o'ylaysiz?
- Qaerdadir omad yetishmadi. Sababi, ko'p hujum qildik, ammo golga aylantira olmadik. Agar hech qanaqa hujum qilmaganimizda kamchiliklarimiz borligi haqida aytishimiz mumkin edi. Hujumlar qildik, to'pni nazorat qildik va yakuniy zarbani berishda ularni darvozaboni ham yaxshi harakat qildi, omad ham kelmadi va to'p darvozaga kirmadi.
- Tarkibda rotasiyalar ko'p bo'lyapti. Bu holatga nima deya olasiz?
- Iloji boricha ichki raqobatni kuchaytiryapmiz. O'yin uchun oxirgi kungacha barcha futbolchilarni ko'ryapmiz va yakunda kim tayyor bo'lsa o'shalarni maydonga tushiryapmiz. Raqibga qarab o'yin uslubimizni ham o'zgartirayotgan paytlar bo'lyapti va shunda o'z-o'zidan boshqa futbolchilar ham tushyapti.
- So'nggi turda safarda “Xavokand”ga qarshi o'ynaysizlar. Ushbu o'yinda yoshlarga ham imkoniyat berasizmi? Masalan, Xamidullo Karimov va shunga o'xshash...
- Xudo xohlasa, qo'ldan kelganicha imkoniyat beramiz. Shunchaki, yengil qarash kerak emas. Raqibni hurmat qilgan holda yoshlarimizga ham imkoniyat berishga harakat qilamiz.