Rodrigodan tortib, Joao Pedrogacha. Braziliya terma jamoasining qaydnomaga kiritilmagan futbolchilari
Braziliya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti JCH-2026 uchun yakuniy qaydnoma e’lon qildi. Bu ro‘yxatdan ko‘plab iqtidorli o‘yinchilar o‘rin olmadi. Quyida aynan shu futbolchilar haqida so‘z boradi.
Vanderson
"Monako" uchun Fransiya chempionatidagi mavsum omadli kechmadi — jamoa evrokuboklarga yo‘llanma ololmadi. Bu esa Vandersonning mundialga borish imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. U Braziliya termasi safida 7 ta o‘yin o‘tkazgan, biroq Anchelotti qo‘l ostida maydonga tushmagan.
Eder Militao
Eder Militao aprel oyida "Real" safida harakat qilar ekan, jiddiy jarohat oldi va jahon chempionatini o‘tkazib yuboradi. U terma jamoada 38 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, markaziy himoyada asosiy figura bo‘lishi kutilgandi.
Tiago Silva
Tiago Silva "Chelsi"da o‘zining ikkinchi yoshlik davrini namoyon etdi. Keyinchalik "Portu"da ham muvaffaqiyatli o‘ynab, chempionlikka hissa qo‘shdi. Ammo bu Anchelottini ishontirish uchun yetarli bo‘lmadi — u faqat kengaytirilgan ro‘yxatda qoldi.
Alex Telles
Alex Telles "Manchester Yunayted"ga katta umidlar bilan o‘tgan, ammo kutilgan natijani ko‘rsata olmadi. Hozirda "Botafogo" safida o‘ynamoqda. Lekin terma jamoaga chaqirilishi amalga oshmadi.
Andrey Santos
Andrey Santos "Chelsi"da kutilgan darajada o‘yin ko‘rsata olmadi. Ungacha "Vest Hem" qiziqish bildirgan, ammo transfer amalga oshmay qolgan. Hozirda 22 yoshda bo‘lgan yarim himoyachi hali rivojlanish imkoniyatiga ega. Ehtimol, kelasi mundialda ishtirok etishi mumkin.
Ederson
Ederson "Atalanta"da jamoasining asosiy figuralaridan biri hisoblanadi. U terma jamoada uchta o‘yin o‘tkazgan, ammo tajribali Kazemiro va Lukas Paketa bilan raqobatda ortda qoldi.
Rodrigo
Rodrigo mart oyida olgan og‘ir jarohati sabab mundialda ishtirok eta olmaydi. "Real" vingeri muhim gollar urgan futbolchi sifatida jamoaga katta yordam bera olardi.
Estevao
Estevao dunyodagi eng iqtidorli yosh futbolchilardan biri hisoblanadi. "Chelsi"da yaxshi o‘yin ko‘rsatganiga qaramay, jarohat tufayli mundialni o‘tkazib yuboradi.
Savio
Savio "Manchester Siti"da katta raqobatga duch kelmoqda. Omar Marmush, Ryan Cherki va Jeremi Doku kabi futbolchilar uning imkoniyatlarini cheklab qo‘ygan. Ehtimol, Anchelotti shu sabab uni yakuniy ro‘yxatga kiritmadi.
Joao Pedro
Joao Pedroning tarkibdan joy olmagani katta syurpriz bo‘ldi. U "Chelsi" safida muvaffaqiyatli debyut mavsumini o‘tkazib, APLda 34 o‘yinda 15 gol urdi. Shunga qaramay, u mundialga olib ketilmadi. Shuningdek, Risharlison va Gabriel Jezus ham jahon chempionatini televizor orqali kuzatadi.