Rodri «Manchester Siti»ni tark etib, «Real»ga o‘tishni istamoqda
"Manchester Siti" yarim himoyachisi va Ispaniya terma jamoasi sardori Rodri klubini almashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda jurnalist Ramon Alvares o‘zining YouTube kanalida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, 30 yoshli futbolchi ingliz klubi taklif qilayotgan yangi shartnomani imzolash niyatida emas. Uning amaldagi bitimi 2027 yilning yozigacha mo‘ljallangan.
Xabar qilinishicha, Rodri faoliyatini Ispaniyada davom ettirishni va Madridning "Real" klubiga o‘tishni xohlamoqda.
Avvalroq ommaviy axborot vositalari "Real"ning yangi bosh murabbiyi Joze Mourinyo ispaniyalik yarim himoyachini jamoaga olib kelishni istayotgani haqida yozgan edi.
Rodri 2019 yildan beri "Manchester Siti" safida harakat qilib kelmoqda. Shu vaqt davomida u barcha musobaqalarda 298 ta o‘yinda ishtirok etib, 28 ta gol urdi va 32 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Eslatib o‘tamiz, Rodri avvalroq o‘z kelajagi borasidagi qarorni 2026 yilgi jahon chempionatidan keyin qabul qilishini ma’lum qilgan edi. Ispaniya chempionlikni qo‘lga kiritgan turnirda u sakkizta uchrashuvning barchasida maydonga tushib, musobaqaning eng yaxshi futbolchisi sifatida "Oltin to‘p" mukofotini qo‘lga kiritdi.