Reshford: «Barselona»da qolishni xohlayman»
«Barselona» safida ijara asosida to‘p surayotgan ingliz hujumchisi Markus Rashford o‘zining kelajakdagi rejalariga to‘xtalib o‘tdi. 28 yoshli futbolchi kataloniyaliklar safida 2025/2026 yilgi mavsum yakunigacha «Manchester Yunayted»dan ijara asosida harakat qilmoqda.
«Albatta, men «Barselona»da qolishni xohlayman. Bu — yakuniy maqsad, biroq meni tinimsiz ishlashga va bor kuchimni sarflashga undayotgan yagona omil emas. Asosiy maqsad — g‘alaba qozonish. «Barselona» juda katta va buyuk klub bo‘lib, u sovrinlar yutish uchun yaratilgan», — deya Rashfordning so‘zlarini keltiradi Sport.es.
Ma’lumot uchun, Markus Rashford 2025 yil iyul oyidan buyon «Barselona» safida ijara asosida to‘p surmoqda. Joriy vaqtga qadar barcha musobaqalarda 24 ta uchrashuvda maydonga tushgan hujumchi «ko‘k-anorranglilar» safida 7 ta gol va 11 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.