«Real» va «Bavariya» 19 yoshli yarimhimoyachi uchun kurashmoqda
«Real Madrid», «Bavariya» va Dortmundning «Borussiya» klublari «AZ Alkmaar»ning 19 yoshli iqtidorli yarim himoyachisi Kes Smitga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Daily Mail’ning yozishicha, «Nyukasl» ham niderlandiyalik futbolchi uchun Yevropa grandlari bilan kurashishga tayyor.
Manbaga ko‘ra, Smit 2026 yilda klubini tark etishi mumkin. «AZ Alkmaar» transfer uchun 20 million funt sterling (22,6 mln yevro) miqdoridagi mablagʻ talab qilmoqda.
Shuningdek, futbolchi doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun obro‘liroq klubga emas, aynan «Nyukasl»ga o‘tishni tanlashi ehtimoldan xoli emas.
Joriy mavsumda Smit barcha musobaqalar doirasida 19 ta o‘yin o‘tkazib, 2 ta gol urdi va 4 ta golli uzatma berdi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 10 million yevroga baholamoqda.