«Real Madrid» Joze Mourinyuning qaytishini qachon eʼlon qilishi maʼlum boʻldi
Madridning «Real» klubi Ispaniya La Ligasi 38-turidan oʻrin olgan «Atletik Bilbao»ga qarshi oʻyindan soʻng Joze Mourinyuning bosh murabbiylikka qaytishini eʼlon qilishni rejalashtirmoqda. Mutaxassisning qaytishi boʻyicha rasmiy bayonot yakshanba (24 may) yoki dushanba (25 may) kuni chiqishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda ESPN.
«Real» prezidenti Florentino Peres Mourinyuni tayinlash fikriga shu qadar qatʼiy qaror qilganki, ushbu tayinlovni oʻzi avvalroq eʼlon qilgan prezidentlik saylovlarigacha qoldirib oʻtirmaydi.
Avvalroq, «qaymoqranglilar» Mourinyuning amaldagi klubi «Benfika»ga shartnomani muddatidan oldin bekor qilgani uchun 6 million yevro tovon puli toʻlashi, murabbiyning oʻzi esa «qirollik klubi»dagi transferlar masalasida ovoz berish huquqiga ega boʻlishi haqida xabar berilgan edi.
Eslatib oʻtamiz, Mourinyu avval ham (2010 yildan 2013 yilgacha) «Real Madrid»ni boshqargan. Uning qoʻl ostida jamoa Ispaniya chempionati, Kubogi va Superkubogida gʻolib chiqqan.