«RB Leyptsig» «Real»ning Diomande bo‘yicha 2 ta taklifini rad etdi – manba
"Real" va "RB Leyptsig" klublari o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralardan keyin ham Kot-d'Ivuar terma jamoasi vingeri Yan Diomande transferi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilmadi. Bu haqda Germaniyaning nufuzli Bild nashri xabar berdi.
Manba ma'lumotiga ko‘ra, "RB Leyptsig" madridliklarning 100 million yevro va 115 million yevrolik ikki taklifini rad etgan.
Xabarda aytilishicha, endi nemis klubi futbolchi uchun kamida 120 million yevro kafolatlangan mablag‘ talab qilmoqda. Turli bonuslar qo‘shilganda esa transfer qiymati 135 million yevrogacha yetishi mumkin.
Avvalroq taniqli insayder Fabritsio Romano Yan Diomande yaqin orada "Real" futbolchisiga aylanishini, transfer summasi esa 100 million yevrodan oshishini ma'lum qilgan edi.
Diomande 2025 yildan buyon "RB Leyptsig" sharafini himoya qilib kelmoqda. U 2025/2026 yilgi mavsumda barcha musobaqalarda 36 ta o‘yin o‘tkazib, 13 ta gol va 10 ta golli uzatma qayd etdi.