Ramos «Real»ga qaytishi mumkin — manba
39 yoshli markaziy himoyachi, hozirda Meksikaning «Monterrey» klubi sharafini himoya qilayotgan Serxio Ramos yana «Real»ga qaytishi mumkin. Bu haqda Defensa Central nashri xabar bermoqda.
Manbaning yozishicha, «qaymoqranglilar» tajribali himoyachini qishki transfer oynosidayoq jamoaga qo‘shish variantini ko‘rib chiqmoqda. Ramosning Meksika klubi bilan amaldagi shartnomasi yakunlanmoqda va bir oy ichida u erkin agentga aylanadi. Bu esa uning transferini kompensatsiyasiz amalga oshirish imkonini beradi. Ayni paytda «Real» markaziy himoya chizig‘ida jarohatlar sabab kadrlar tanqisligiga duch kelmoqda, shu bois Ramos varianti klub uchun dolzarb bo‘lib turibdi.
Serxio Ramos «Real» safida 2005–2021 yillar davomida 16 mavsum o‘ynagan. Madrid klubi safida u jami 671 ta o‘yinda maydonga tushib, 101 ta gol urgan va 40 ta golli uzatma bergan — bu natijalar uni klub tarixidagi eng samarali himoyachilardan biriga aylantirgan. U «Real» bilan to‘rt marta UEFA Chempionlar Ligasida gʻalaba qozongan, besh marta La Liga chempionligi va yana qator yirik sovrinlarni qo‘lga kiritgan.
Meksikaning «Monterrey» klubiga u joriy yilning fevral oyida qo‘shilgan. Bu vaqt ichida 39 yoshli futbolchi 30 ta uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta golga mualliflik qilgan.