Rafael Nadal «Real Madrid» prezidentligi uchun o‘z nomzodini qo‘yishi haqidagi xabarlarni rad etdi
«Katta dubulg‘a» turkumiga kiruvchi turnirlarning 22 karra g‘olibi, ispaniyalik tennischi Rafael Nadal Madridning «Real» klubi prezidentligi uchun o‘tkaziladigan saylovlar borasidagi mish-mishlarga munosabat bildirdi.
Sobiq sportchi va klubning ashaddiy muxlisi ushbu lavozimga o‘z nomzodini qo‘yishi haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlamadi.
«Meni «Real» prezidentligi lavozimiga ehtimoliy nomzod sifatida bog‘layotgan ma’lumotlarni o‘qidim. Shuni aniqlashtirib o‘tmoqchimanki, bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», — dedi Nadal.
Avvalroq, «Real»ning amaldagi prezidenti Florentino Peres muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini e’lon qilgan edi. Shundan so‘ng, OAVda Nadal ushbu saylovlarda ishtirok etishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.