Qozog'istonlik deputat — O'zbekiston terma jamoasining muvaffaqiyati va o'zimizdagi muammolar haqida
Qozog'iston parlamenti deputati, «Respublika» fraksiyasi rahbari Aydarbek Xo'janazarov Sports24.kz nashriga bergan intervyusida O'zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionati final bosqichiga yo'l olganini e'tirof etdi va bu borada o'z fikrlarini bildirdi.
«Qozog'iston o'z kamchiliklari ustida ishlashi kerak. Biz ko'pincha “O'zbekiston chiqdi, nega biz yo'q?” deb sabab izlaymiz. Lekin boshqalarga qarab emas, o'z ishimizga javobgar bo'lishimiz shart. Bir necha yil avval Islandiya kabi kichik davlat Yevropa chempionatiga yo'llanma oldi. Bizda bitta tumanda Islandiyadagidan ko'proq odam yashaydi. Hatto ob-havo ham yaxshiroq, ammo natija yo'q. Demak, muammo o'zimizda», — deydi deputat.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Qozog'iston prezidenti Qosim-Jo'mart Toqayev Astanadagi “Markaziy Osiyo — Xitoy” sammitida O'zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevni terma jamoaning Jahon chempionatiga yo'l olgani bilan shaxsan tabriklagan edi.