«PSJ» joriy mavsum toʻrttadan gol urilgan oʻyinlar soni boʻyicha top-5'da yetakchilik qilmoqda
«PSJ» Fransiya kubogi 1/32 finalida «Vandeya Fontene» ustidan 4:0 hisobida qozonilgan g‘alabadan so‘ng 2025 yil davomida barcha musobaqalarda kamida to‘rttadan gol urilgan o‘yinlar sonini 22 taga yetkazdi. Bu haqda Opta tahliliy portali xabar berdi.
Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha «PSJ» Yevropaning top-5 ligasi klublari orasida yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda 19 ta shunday o‘yin bilan «Barselona» joylashgan bo‘lsa, undan keyingi pog‘onani Myunxenning «Bavariya» klubi 16 ta uchrashuv bilan egallab turibdi.
«Manchester Siti» 11 ta bahsda to‘rt va undan ortiq gol urgan, «Marsel» hamda Madridning «Atletiko» klublari esa ro‘yxatni 10 tadan o‘yin bilan yakunlagan.
Fransiya Ligasining 16-turidan so‘ng «PSJ» turnir jadvalida 36 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Peshqadam «Lans»dan farq atigi bir ochkoni tashkil etadi. Yevropa Chempionlar ligasi turnir jadvalida esa parijliklar 13 ochko bilan uchinchi pog‘onadan joy olgan.