Pedrining jarohati kutilganidan jiddiyroq boʻlib chiqdi
«Barselona» yarimhimoyachisi Pedrining jarohati dastlabki tibbiy xulosalarga qaraganda ancha jiddiyroq ekani maʼlum boʻldi.
Avvalroq kataloniyaliklar rasmiy sayti futbolchida chap sonining ikki boshli mushak distal qismida yorilish borligini xabar qilgandi.
Biroq, AS nashrining yozishicha, keyingi tekshiruvlarda Pedrida suyak sinishi ham aniqlangan va u kamida olti hafta maydonga tusha olmaydi.
Shu sababli, ispaniyalik futbolchi 25 noyabr kuni «Chelsi»ga qarshi boʻlib oʻtadigan Chempionlar ligasi 5-tur uchrashuvida jamoasiga yordam bera olmaydi. Bundan tashqari, u Ispaniya La Ligasidagi 6 ta oʻyinni ham oʻtkazib yuborishi mumkin.
Maʼlumot uchun, Pedri joriy mavsum barcha turnirlarda 13 ta oʻyinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning Transfermarkt'dagi narxi 140 million yevroga baholanmoqda.