«Olimpiakos»ga qarshi oʻyin oldidan «Real» jiddiy yoʻqotishga uchradi
Uchrashuv 26 noyabrdan 27 noyabrga oʻtar kechasi boʻlib oʻtadi.
FOTO: Getty Images
Madridning «Real» klubi matbuot xizmati Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 5-turidan oldin jamoa darvozaboni Tibo Kurtuaga oid noxush yangilikni ma’lum qildi.
Eslatib oʻtamiz, «qaymoqranglilar» ushbu turda «Olimpiakos»ga qarshi maydonga chiqadi.
«Bugungi tibbiy ko‘rikdan so‘ng Madridning “Real” klubi tibbiy xizmati Tibo Kurtuada virusli me’da-ichak infeksiyasini aniqladi. U Afinaga safarda ishtirok etmaydi. Uning ahvoli shifokorlar nazoratida bo‘ladi», — deyiladi klubning rasmiy saytida.
Maʼlumot uchun, Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 4-turidan so‘ng «Real» to‘qqiz ochko bilan turnir jadvalida yettinchi o‘rinni egallab turibdi.
Nasrullo Karimov
Jurnalist