Noyer Myullerni ortda qoldirib, Bundesliga tarixidagi eng koʻp gʻalaba qozongan futbolchiga aylandi
Myunxenning «Bavariya» klubi darvozaboni Manuel Noyer Germaniya Bundesligasining 7-turida «Borussiya Dortmund»ga (2:1) qarshi bahsda faoliyatidagi 363-g‘alabasini qoʻlga kiritdi.
Bu natija unga sobiq jamoadoshi, hozirda Kanadaning «Vankuver Uaytkaps» jamoasida toʻp surayotgan Tomas Myullerni (362 gʻalaba) ortda qoldirish va Bundesliga tarixidagi eng koʻp gʻalaba qozongan futbolchiga aylanishi imkonini berdi.
39 yoshli darvozabon bu rekordni oʻrnatish uchun 530 uchrashuvda maydonga tushdi. Noyer «Bavariya» safida 2011/2012 yilgi mavsumdan beri toʻp surib keladi. Shu vaqt mobaynida u 12 marta Germaniya chempioni, 5 marta mamlakat kubogi sohibi va 2 marta Chempionlar ligasi gʻolibi boʻlgan.
Shuningdek, Noyer 2014 yilda Germaniya milliy jamoasi bilan Braziliyada boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida zafar quchgan.