Negredo: «Xabi Alonso «Real»ni yaxshi boshqaryapti»
Madridning «Real» klubi tarbiyalanuvchisi, sobiq Ispaniya terma jamoasi hujumchisi Alvaro Negredo jamoaning yangi bosh murabbiyi Xabi Alonso haqida yuqori fikr bildirdi.
«Alonso yosh murabbiy bo‘lishiga qaramay, unda katta ishtiyoq va salohiyat bor. U bilan bir vaqtda kiyinish xonasida bo‘lganman va o‘shandayoq u yaxshi murabbiy bo‘lishi mumkinligini sezganman», — deydi Negredo AS nashriga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Alonso mavsumni og‘ir boshlaganiga qaramay, jamoani barqarorlashtirishga erishgan. «Atletiko»ga qarshi yirik mag‘lubiyatdan keyin ham u muvozanatni tiklay oldi va hozircha yaxshihammasi yaxshi ketmoqda», — dedi Negredo.
Sobiq hujumchi Xabi Alonsoning taktik yondashuviga ham alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, murabbiy 4–4–2 sxemasini qo‘llash orqali hujumda xavfli va muvozanatli o‘yin namoyish etayapti.
«Hamma o‘ynashni xohlaydi, ammo ba’zi futbolchilar hujumda katta foyda keltiradi. Alonso risk qilmaydi, balki har bir futbolchiga o‘yin vaqti berishga harakat qiladi. Bu jamoada ichki raqobatni sog‘lom saqlaydi», — dedi Negredo.
Negredo «Real Madrid»da o‘yin amaliyoti kamaygan paytda futbolchilar qanday yondashishi kerakligini ham ta’kidladi:
«Har bir futbolchi o‘ynashni istaydi. Lekin o‘ynamasang ham, murabbiyga tayyor ekaningni ko‘rsatish kerak. Achinmaslik, g‘azablanmaslik kerak — “Real”da bu normal holat. Vaqti keladi, faqat sabr qilish kerak».