“Nasaf” yetakchisi nega “Paxtakor”ga qarshi o‘yinda ishtirok etmadi?
13 may kuni O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichining 3-tur doirasida “Paxtakor” va “Nasaf” jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. Uchrashuvda “sherlar” 6:3 hisobida g‘alaba qozonib, futbol jamoatchiligi e’tiborini o‘ziga tortdi.
Biroq ko‘plab muxlislarni “Nasaf”ning asosiy futbolchilaridan biri, milliy terma jamoa a’zosi Sherzod Nasrullaevning o‘yinda qatnashmagani hayratga soldi.
“Chempionat.Asia” sayti futbolchining ahvoli haqida ma’lumot so‘rab, ishonchli manbalar orqali uning tana harorati uchrashuv oldidan 40 darajagacha ko‘tarilganini aniqladi. Bunday holatda uning maydonga tushishi nafaqat samarasiz, balki sog‘ligi uchun xavfli ham bo‘lishi mumkin edi. Shu bois, murabbiylar shtabi uni qaydnomadan chiqarishga qaror qildi.
Ayni vaqtda Sherzod Nasrullaev uyida shifokorlar nazoratida, uning ahvoli bosqichma-bosqich barqarorlashmoqda. Hammasi rejaga muvofiq kechsa, u iyun oyidagi milliy terma jamoa yig‘inlariga va JCH–2026 saralash uchrashuvlariga qaytishi kutilmoqda.