«MYU» Kazemiro bilan shartnomani uzaytirmoqchi
«Manchester Yunayted» 33 yoshli tayanch yarimhimoyachisi Kazemiro bilan tuzilgan shartnomani uzaytirish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Manbaga koʻra, braziliyalik futbolchi «qizil iblislar» safida qolishni istasa, maoshini kamaytirishga rozi boʻlishi kerak boʻladi. Klub rahbariyati De Xea, Varan va Reshford bilan xayrlashganidan soʻng ish haqi fondini qisqartirish siyosatini davom ettirmoqda. Hozirda Kazemiro klubdagi eng yuqori maosh oluvchi futbolchilardan biri sanaladi.
Xabar qilinishicha, tajribali yarimhimoyachiga Braziliya va Saudiya Arabistoni jamoalaridan ham qiziqish bor.
Maʼlumot uchun, Kazemiro 2022 yilning yozidan buyon «Manchester Yunayted» safida toʻp surmoqda. U joriy mavsum APLda 6 ta oʻyinda maydonga tushib, 1 ta gol urishga muvaffaq boʻldi. Uning Transfermarkt'dagi narxi 10 million yevroga baholanmoqda.