Mestre: «Messi va uning oilasi Laportadan juda norozi»
«Barselona»ning sobiq vitse-prezidenti (2015-2019) Jordi Mestre Lionel Messining klubdan ketishi haqida fikr bildirdi.
«Ishonchli manbalar orqali bilamanki, Leo Messi va uning oilasi Laportadan juda norozi. Juda ham g‘azabda. Oldin aytilganidek, «hammasini bir barbekyuda hal qilish mumkin», degan gaplarning endi hech qanday asosi yo‘qligi ko‘rinib turibdi», — dedi Mestre.
«Menimcha, biz Messiga nima qilmaylik, baribir bu yetarli boʻlmaydi. U klub uchun mislsiz ishlarni amalga oshirdi. Moliyaviy jihatdan ham turli safarlarda «Barselona» Messisiz va Messili davrda butunlay boshqa daraja edi.
Ha, u katta maosh olardi, ammo bunga toʻliq loyiq edi. U klubga ulkan daromad keltirgan. Dunyodagi koʻplab yulduzlar «Barselona»ga faqat Messi tufayli kelishni istagan. Men uning nomini tarixda abadiylashtirish uchun biror tarixiy narsa qilgan boʻlardim — masalan, stadiondagi tribunalarning birini uning nomi bilan atash mumkin», — deya qoʻshimcha qildi Mestre.
Eslatib oʻtamiz, Lionel Messi 2021 yilning yozida «Barselona»ni tark etgandi. Argentinalik yulduz hozirda AQShning «Inter Mayami» klubi safida toʻp surmoqda.