Messi \"Barselona\" uchun xayrlashuv uchrashuvini \"Kamp Nou\"da o‘tkazadi
"Inter Mayami" hujumchisi Lionel Messi "Barselona" bilan xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazadi. Bu haqda Catalunia Radio xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ushbu o‘yin qayta ta’mirlangan "Kamp Nou" stadioni yana to‘liq tribunalarni to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lgandan so‘ng bo‘lib o‘tadi. Kataloniya klubi 38 yoshli argentinalikdan bunday o‘yinni tashkil etish uchun oldindan rozilik olgan.
Eslatib o‘tamiz, Lionel Messi "Barselona" tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va 2003-2021 yillarda ushbu klub sharafini himoya qilgan. Hujumchi kataloniyaliklar safida 10 karra Ispaniya chempioni, 7 karra mamlakat kubogi va 8 karra Superkubok sohibi bo‘lgan, shuningdek, 4 marta Chempionlar ligasi, 3 martadan UEFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan.
Hozirda u "Inter Mayami" sharafini himoya qilmoqda. Klub bilan amaldagi shartnomasi 2025 yil dekabrigacha mo‘ljallangan.