Mbappe: «Real» — dunyoning eng yaxshi klubi, ammo «PSJ» ham kuchlilar safida»
Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe sobiq jamoasi — «PSJ» bilan «Real» oʻrtasidagi farq haqida gapirdi.
«Bu ikki klub juda farqli tarix va madaniyatga ega. «PSJ» — nisbatan yosh klub, «Real» esa uzoq yillik tarix va chuqur an’anaga ega jamoa. Madaniyat ham boshqacha. Shubhasiz, «Real» — dunyodagi eng yaxshi klub, ammo «PSJ» ham eng kuchlilar qatorida. Ular futbolga ikki xil yondashuvni ifodalaydi. Men «PSJ»ning bir qismi boʻlganimdan faxrlanaman va «Real» safida boʻlishimdan ham faxrlanaman», — dedi Mbappe.
Eslatib oʻtamiz, fransiyalik hujumchi 2017-2024 yillar oraligʻida «PSJ» safida toʻp surgan va klub tarixidagi eng yaxshi toʻpurarga aylangan. U 308 ta oʻyinda 256 ta gol urgan.
«Real» safida esa Mbappe 2024 yilning yozidan beri oʻynamoqda va shu paytgacha barcha musobaqalarda 72 ta oʻyinda 60 ta gol kiritgan.