Mbappe Oliseni «Real»ga o‘tishga undamasligini aytdi
«Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe Maykl Olisening Ispaniyaga ko‘chib o‘tishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
O‘tgan yozda turli manbalar fransiyalik vingerning «Bavariya»dan ketib, «qirollik klubi» safiga qo‘shilish istagi borligi haqida xabar bergan edi. Potensial transfer Florentino Peres uchun «orzudagi transfer» sifatida baholangandi.
— Bu mish-mishlarni eshitganman. Men bilan ham xuddi shunday holat bo‘lgan. «PSJ»da o‘ynagan paytimda matbuotda men haqimda juda ko‘p mish-mishlar tarqalgan. Menimcha, Olisega «Bavariya»dan ketishni maslahat berishim hurmatsizlik va noto‘g‘ri ish bo‘ladi. Ayniqsa, «Bavariya» buyuk klub ekanini hisobga olsak. U yerda Maykl katta muvaffaqiyatlarga erisha oladi. Albatta, har qanday jamoa uni o‘z safiga qo‘shib olishni xohlaydi. U ajoyib futbolchi, — dedi Mbappe. Uning so‘zlarini Bayern & Germany keltirdi.
Maykl Olisening «Bavariya» bilan shartnomasi 2029 yil yozigacha amal qiladi.