Mbappe La Liga toʻpurarlari poygasida yetakchilik qilmoqda
Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe Ispaniya chempionatining 2025/2026 yilgi mavsumida eng yaxshi toʻpurarga aylanishi mumkin. Fransiyalik forvard joriy mavsumda 31 ta oʻyinda maydonga tushib, 25 ta gol urishga erishdi. Taʼkidlash joizki, bu futbolchining La Ligadagi ikkinchi mavsumidir.
Toʻpurarlar poygasida Mbappening eng yaqin taʼqibchisi — quyi ligaga tushib ketgan «Malyorka» klubi va Kosova terma jamoasining 32 yoshli hujumchisi Vedat Muriki boʻldi, u oʻz hisobiga 23 ta gol yozdirib qoʻygan. Kuchli uchlikni esa «Osasuna»ning 34 yoshli xorvatiyalik hujumchisi Ante Budimir 17 ta gol bilan yakunlab berdi.
Shuningdek, «Barselona» aʼzolari Lamin Yamal va Ferran Torres, qolaversa, «qaymoqranglilar» vingeri Vinisius Junior hisobida 16 tadan gol mavjud. «Real Sosedad» sardori Mikel Oyarsabal esa raqiblar darvozasini 15 bor ishgʻol qilgan.
La Ligada 2025/2026 yilgi mavsum yakunlanishi uchun bor-yoʻgʻi bitta oʻyin qoldi: bugun, 24 may kuni «Vilyarreal» oʻz maydonida «Atletiko»ni qabul qiladi. Ushbu jamoalar futbolchilarida kuchli uchlikdagi merganlarga yetib olish uchun faqatgina matematik imkoniyatlar qolgan, xolos.
Maʼlumot uchun, 27 yoshli Fransiya terma jamoasi aʼzosi 2024 yilning iyul oyidan buyon «Real» sharafini himoya qilib kelmoqda. Mbappe joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida jami 44 ta uchrashuvda qatnashib, 42 ta gol va 7 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.