Mateus Kunya MYU'ning eng ko'p maosh oluvchi futbolchilaridan biriga aylanishi mumkin
“Manchester Yunayted” “Vulverxempton” hujumchisi Mateus Kunyani o'z safiga qo'shib olmoqchi va uning 62,5 million funtlik tovon pulini bo'lib to'lashni taklif qilmoqda. Bu haqda The Telegraph nashri xabar berdi.
Manbaga ko'ra, “Vulverxempton” MYU'ning bu taklifni o'ylab ko'radi. Agar 25 yoshli futbolchi “qizil iblislar” safiga o'tsa, uning maoshi haftasiga 200 000 funtdan oshib, klubning eng ko'p maosh oluvchi futbolchilaridan biriga aylanadi.
Eslatib o'tamiz, avvalroq OAV'da tomonlar ushbu transfer bo'yicha kelishuvga erishgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Ma'lumot uchun, Kunya joriy mavsum barcha turnirlarda 31 ta o'yinda maydonga tushib, 16 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning Transfermarkt'dagi narxi 55 million yevroga baholanmoqda.