Mario: «Messi va Ronaldino trenajyor zaliga borishmasdi»
«Messi va Ronaldino trenajyor zaliga borishmasdi»
2003 yilda «Barselona» safiga borib qo‘shilgan sobiq himoyachi Mario Frank Raykard boshqaruvidagi jamoaning ichki muhiti va afsonaviy yulduzlar haqida qiziqarli xotiralari bilan o‘rtoqlashdi:
Mashg‘ulotlar va «rondo» haqida:
«Jamoa hatto trenajyor zaliga ham kirmasdi. Bu yerda umuman boshqacha falsafa edi: asosiy e’tibor to‘p bilan ishlashga qaratilardi, 45 daqiqalab «rondo» (to‘pni o‘rtaga olish) o‘ynardik... Men «Valyadolid»da otdek mehnat qilib o‘rganib qolgandim, bu yerda esa go‘yoki hech kim mashg‘ulot qilmayotgandek tuyulardi. Har kuni mashg‘ulotim «yana shu rondo-ya» degan xayol bilan tugardi. Lekin, ehtimol, shunday yuqori darajadagi futbolchilarga ortiqcha jismoniy yuklamalar unchalik ham zarur bo‘lmagandir».
Ronaldino va Messi haqida:
«Agar Ronaldino o‘ziga biroz ko‘proq e’tibor berganida edi... Shaxsan men uchun u Messidan ham kuchliroq edi, garchi o‘z imkoniyatining atigi 50-70 foizida mashg‘ulot o‘tkazsa ham. U doim tabassum bilan harakat qilardi, uni kuzatishning o‘zi bir rohat edi.
O‘z davrida Ronaldino boshqalardan yaqqol ajralib turadigan dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan. Undan to‘pni olib qo‘yishning umuman iloji yo‘q edi — bu shunchaki aql bovar qilmas daraja! Shu bilan birga, u juda oliyjanob inson edi. Ba’zi yulduzlar bizdek yangi kelganlar bilan hatto salomlashishni ham o‘ziga ep ko‘rmasdi, Ronni esa butkul boshqacha, o‘ta samimiy odam edi».