Mareska: «Palmer qachon toʻliq tayyor boʻlishini aniq ayta olmaymiz, lekin uning ahvoli umid uygʻotmoqda»
«Chelsi» yarimhimoyachisi Koul Palmer yana asosiy jamoa bilan mashg‘ulotlarga qaytdi. Bu haqda londonliklar bosh murabbiyi Enzo Mareska ma’lum qildi.
Mareskaning aytishicha, futbolchining to‘liq tiklanish muddati hali aniq emas, biroq bu yaqin orada sodir bo‘lishi kutilmoqda:
«Biz hozircha uning qachon to‘liq tayyor bo‘lishini aniq ayta olmaymiz, lekin bu tez orada ro‘y berishi kerak. Palmer allaqachon maydonda ishlayapti va to‘p bilan mashqlarni boshladi. O‘zini yomon his qilmayapti».
Murabbiy jamoaning hozirgi e’tibori Chempionlar Ligasi doirasidagi «Barselona»ga qarshi uchrashuvga qaratilganini ta’kidladi:
«Shundan keyin “Arsenal”ga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz. U ikki o‘yinda ham maydonga tushishi mumkin deb o‘ylamayman, biroq uning ahvoli umid uyg‘otmoqda», — deya Mareskaning so‘zlarini keltiradi klub rasmiy sayti.
Avvalroq Palmerning oyoq barmoqlaridan biri singani haqida xabar berilgandi. «Chelsi» — «Barselona» uchrashuvi bugun, 25 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.