Mareska: «Estevao va Delap «Aston Villa»ga qarshi oʻyinga tayyor»
«Chelsi» bosh murabbiyi Enzo Mareska jamoa hujumchilari Estevao Villian va Liam Delap Angliya chempionatining 18-turi doirasida «Aston Villa»ga qarshi o‘yinida maydonga tushishi mumkinligini ma’lum qildi. Uchrashuv 27 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
«Estevao jamoaga qaytdi va shanba kungi uchrashuvga tayyor. Estevao ham, Liam Delap ham safga qaytdi. Liam qancha muddat maydondan tashqarida bo‘lishini aniq bilmas edik, ammo u shanba kuni o‘ynaydi. Ikkala futbolchi ham tayyor ekani bizni xursand qilmoqda», — deydi Mareska.
Joriy mavsumda Angliya chempionatida 18 yoshli Estevao Villian 14 ta uchrashuvda ishtirok etib, bitta gol va bitta assist qayd etdi. Shuningdek, u Chempionlar ligasida besh o‘yinda maydonga tushib, uch bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgan.
22 yoshli Liam Delap esa ushbu mavsum Angliya Premyer-ligasida sakkizta o‘yinda qatnashdi. Hujumchi hozircha samarali harakatlari bilan ajralib turgani yo‘q. Bundan tashqari, uning hisobida Chempionlar ligasida ikkita o‘yin va bitta gol mavjud.