«Lion» qishki transferlar vaqtida Endrikni ijaraga olmoqchi
Madridning «Real» klubi hujumchisi Endrik yaqinlashib kelayotgan qishki transferlar vaqtida Fransiyaning «Lion» jamoasiga ijaraga oʻtishi mumkin. Bu haqda insayder Fabritsio Romano xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, «Lion» 19 yoshli braziliyalik forvardni ijaraga olish boʻyicha rasmiy soʻrov yuborgan va tomonlar muzokaralarni boshlab yuborgan. Fransiyaliklar futbolchiga oʻz loyihasini taqdim etgan, shartnoma esa 2026 yilning yoziga qadar moʻljallanishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, Endrik barcha variantlarni koʻrib chiqmoqchi, ammo aynan «Lion» varianti uning uchun eng maqbul yechim sifatida koʻrilmoqda.
Maʼlumot uchun, Endrikning «Real» bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2030 yilning yoziga qadar moʻljallangan. U oʻtgan mavsum barcha turnirlarda 37 ta oʻyinda maydonga tushib, 7 ta golga mualliflik qilgan.