Kamoliddin Tojiyev: «Raqibni mensimaslik holati yo‘q. Finalga kuchsiz jamoa chiqmaydi»
O‘zbekiston Kubogi finalidan avval "Paxtakor" bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev va yarim himoyachi Sardor Sobirxo‘jayev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Tojiyev: - O‘yinga doimgidek tayyorgarlik ko‘rdik. Jamoada kayfiyat yaxshi. Ertaga muxlislarni g‘alaba bilan xursand etishga harakat qilamiz.
Raqibni mensimaslik holati yo‘q. Finalga kuchsiz jamoa chiqmaydi. Buni yig‘itlarga ham aytdim. "Buxoro" yaxshi o‘ynay oladigan jamoa. Ular qarshi hujumlarda juda yaxshi harakat qilishadi.
Biz yutuq bilan xalqaro maydonga qaytishga harakat qilamiz. Chempionatda kurashni oxirigacha davom ettiramiz. Tarkibdagi futbolchilarni saqlab qolishga intilamiz va yuqori darajali o‘yinchilar taklif etish rejalarda bor.
Sobirxo‘jayev: - Bahsga yaxshi hozirlik qildik. Bizni juda yaxshi o‘yin kutib turibdi deb o‘ylayman.
Final bir o‘yindan iborat. O‘tgan yili "Navbahor" favorit bo‘lgan holda yutqazgandi. Chempionatda uch ochko uchun kurashiladi, bu yerda esa sovrin uchun. Shu sababli uchrashuvga jiddiy yondashamiz. Hujum qiladigan jamoaga gol urmagan taqdirda bosim ortib boradi, lekin bizda yaxshi saviyali ijrochilar bor.
Klubimiz raisi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan o‘yindan oldin ko‘rishmadik. Bilishimizcha, u ertaga bellashuvni stadiondan kuzatadi.