Islombek Ismoilov: «Umid qilaman, Jahon chempionatida ham yaxshi jismoniy holat orqali ijobiy natija qayd etamiz»
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov va futbolchi Azizbek Erimbetov ishtirokida matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Islombek Ismoilov:
— Hujumchilar haqida
— Nurbek jamoa uchun juda katta foyda keltirdi. Hozirgi holatda ko‘plab hujumchilarga imkoniyat berildi, biroq ular terma jamoa darajasida o‘yin namoyish eta olishmadi. Biz guruh bosqichidan chiqishni maqsad qilganmiz, Nurbek bizga guruh bosqichidan so‘ng yordam beradi, deb umid qilamiz.
— Jamoa oldiga qo‘yilgan vazifa
— Biz jamoa sifatida, albatta, o‘z oldimizga yuqori maqsad qo‘yganmiz. Umid qilamiz, jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatib, ijobiy natijalar qayd etadi.
— Kartochkalar, chetlatishlar haqida
— Osiyo kubogidan keyin hammasini tahlil qildik. Xususan, kartochkalar bo‘yicha ham. Bu yosh, bilasiz, o‘tish davri. Bolalar yosh. Biroq biz doimiy aytib, tushuntirib kelyapmiz. O‘ylaymanki, Jahon chempionatida bunday xatolar bo‘lmaydi.
— Penaltilar seriyasi haqida
— Bilasiz, mashg‘ulotda penalti tepish bilan real o‘yinda tepish umuman boshqa. Biz hozir ilmiy yondashib, raqiblarni ham o‘rganib chiqyapmiz.
— O‘rtoqlik uchrashuvlari haqida
— Bu o‘yinlarda taktika ustida ishladik. Birinchi o‘yinda maydon markazidagi ishlanmalarni sinovdan o‘tkazdik. Ikkinchi o‘yinda odatdagi 4-3-3 sxemasini yana bir bor sinovdan o‘tkazib oldik. Bu o‘yinlar jamoa foydasiga xizmat qildi. Oldimizda Jahon chempionati turibdi, shu sababli bor e’tiborimizni ishlanmalarga qaratdik.
Bu jamoa, har bir uchrashuvda Vatan sha’ni turadi. Shu sababli har bir uchrashuvda futbolchilardan maksimal o‘yin ko‘rsatishlarini talab qilamiz. Jahon chempionati oldidagi o‘rtoqlik o‘yinlarida ham yaxshi natija qayd etishga harakat qilamiz.
— Jismoniy holat haqida
— Doimiy ravishda futbolchilarimizning jismoniy holatini nazorat qilib boramiz. Osiyo kubogida ham ko‘p jamoalar o‘yindan o‘yinga jismoniy tomondan charchoq his qiladi, bizda esa aksincha — o‘yindan o‘yinga o‘zimizni yaxshi his qila boshladik. Umid qilaman, Jahon chempionatida ham yaxshi jismoniy holat orqali ijobiy natija qayd etamiz.