«Inter» Tyuram bilan shartnomani uzaytirishni rejalashtirmoqda
Milanlik «Inter» klubi hujumchisi Markus Tyuram jamoa bilan yangi shartnoma imzolashi mumkin. Bu haqda jurnalist Nikolo Skira xabar berdi.
Manbaga ko'ra, «neradzurrilar» fransuz futbolchisi bilan yangi mehnat shartnomasi bo'yicha muzokaralar o'tkazishni rejalashtirmoqda. Amaldagi kelishuv yana ikki yil amal qiladi. Joriy mavsum davomida ommaviy axborot vositalarida 28 yoshli hujumchining klubni tark etishi mumkinligi haqida ko'plab mish-mishlar tarqalgan edi.
Ushbu mavsumda Tyuram Kristian Kivu boshchiligidagi jamoa safida 44 ta o'yinda ishtirok etib, 18 ta gol va 9 ta golli uzatma muallifi bo'ldi. Transfermarkt ma'lumotlariga ko'ra, uning bozor qiymati 50 million yevroni tashkil etadi.
Shuningdek, haftaning chorshanba kuni futbolchi «Inter» safida Italiya Kubogi g'olibi bo'ldi.