locale OZ
locale OZ
Mehmon
Mehmon Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro'yxatdan o'ting
Menyu

Husanov va Shomurodovning holati, Fransiya bilan bo‘lajak o‘yin haqida — Ravshan Haydarov

Futbol 19 may 2025 da 06:33
Farhod Fayziyev
Farhod Fayziyev
Ekspert
Husanov va Shomurodovning holati, Fransiya bilan bo‘lajak o‘yin haqida — Ravshan Haydarov
FOTO: Getty Images

O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2026 saralash bosqichida muhim bellashuvda ishtirok etsa, U-23 terma jamoamiz Fransiya va Rossiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushadi.

Mazkur yig‘inlarga tobora oz vaqt qolmoqda. Sports24.uz shu borada tajribali mutaxassis, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarovning fikrlari bilan qiziqdi.

Dastlab Fransiyaga qarshi kechadigan uchrashuvlar haqida maʼlumot berib o‘tsangiz...

Reja bo‘yicha FIFA kunlarida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazamiz. Bu yig‘in doirasida Fransiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazamiz, bu taklif ancha oldin tushgandi. Bundan tashqari Toshkentda yana bitta o‘yin tashkil etish ustida ish olib borilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston U-23 terma jamoasiga nomzod futbolchilar Farg‘onada Rossiya bilan kuch sinashadi. Bu orqali Osiyo Kubogi saralash bosqichiga tayyorgarlik olib boramiz. Yig‘in 27 maydan boshlanadi. Bunda 2003-2004 va 2005-2006 yilda tug‘ilgan futbolchilar tarkibga jalb qilinadi. Ulardan yana bir ko‘rikdan o‘tkazib, yaxshi jamoalarga qarshi sinab olishni maqsad qilganmiz.

Fransiya kabi jamoalar bilan o‘yinlar har doim bo‘lavermaydi. Bunday imkoniyat yana nima beradi?

Albatta. U-23 terma jamoamiz yangidan shakllanish jarayonini boshdan kechirmoqda, chunki bu yerda yuqorida aytganimdek, katta futbolda ilk qadamlarini tashlayotgan U-20 terma jamoasi aʼzolari ham bor. Yangi jamoani shakllantirish ustida ishlayapmiz. Fransiyaga qarshi bahs orqali yigitlarning hozirgi holatini ko‘rib olishimiz mumkin. Albatta, yoshlar va Olimpiya terma jamoalari musobaqalarida farq bor. Lekin bu yosh kattalar futboliga yaqin, talablar ham shunday. U-23 yoshdagi ko‘plab futbolchilar milliy terma jamoaga chaqirilmoqda. Yana bir qator futbolchilarimiz nomzod sifatida ko‘rilmoqda. Demak, milliy terma jamoaga futbolchi yetkazib berish asosiy vazifamiz hisoblanadi. Bu yoshdagi futbolchilarni ana shunday turnirlar orqali pishitishga harakat qilamiz. Xalqaro o‘yinlar orqali tajribasini oshiramiz.

Savolimiz biroz boshqacha. Milliy terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodovning bu yilgi ajoyib mavsumi qanday xulosalarni bermoqda?

Eldor Shomurodov bu yil yaxshi mavsum o‘tkazmoqda. U bizning yetakchimiz. Murabbiy ishonchini oqlayapti. Bu quvonarli holat. O‘ylaymanki, iyun oyidagi o‘yinlarga yaxshi jismoniy va ruhiy holatda yetib keladi.

Igor Sergeevning qaytishi haqida nima deya olasiz?

U jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lib, formasiga qaytgani xursand qilmoqda. Terma jamoada raqobat, albatta, zarur. Uning tajribasidan foydalanish kerak.

Abduqodir Husanovning o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgani xavotirlantiradimi? U raqobatda yutqazdimi yoki vaqt kerakmi?

Taxtir taqozosi bilan Abduqodir jamoaga kelganida himoyadagi ko‘plab top yetakchilar jarohat olgandi. Guardiola unga imkoniyat berib, butun dunyoga ko‘rsatib yubordi. Abduqodir o‘zini ko‘rsatib harakat qildi. Lekin Akanji, Dias kabi futbolchilar jarohatdan qaytdi. Bu, albatta, raqobat. Buni fojia qilish shart emas, bu normal holat. Abduqodir o‘sishda davom etadi, imkoniyat bo‘ladi.

Keyingi Olimpiadada futbol musobaqalarida Osiyoga kam kvota ajratilishi qanchalik yomon?

Albatta, bu yaxshi holat emas. Shundoq ham Olimpiya terma jamoalariga eʼtibor pasayib borayotgani odamni o‘ylantirib qo‘yadi. Olimpiada bilan FIFA turnirlari mujassamlashmaganligi kvotalarni kamaytirdi. Biz Olimpiadaga yo‘llanma beradigan chipta uchun kurashamiz, bu ancha qiyinlashadi. Lekin bunga tayyorlanib borishimiz kerak bo‘ladi.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting