Husanov bilan birga o'ynagan Roman Papariga: \"Yoshligimda maydon chetida Shatskixga to'p olib berib turardim\"
Navoiyning "Qizilqum" klubi qishda o'z safiga ukrainalik hujumchi Roman Paparigani qo'shib oldi. 1999 yilda tug'ilgan futbolchi hozircha "Qizilqum" tarkibida barcha musobaqada 7 ta o'yinda maydonga tushib, 2 ta gol urishga erishdi.
Sports24.uz sayti o'z vaqtida o'zbekistonlik futbolchilar bilan birga to'p tepgan Roman Papariga bilan suhbatlashdi.
- Keling dastlab futbolga ilk qadamlarni yodga olaylik...
- Futbolga Schastlivoe qishlog'idagi BОSM orqali kirib kelganman. Undan keyin "Munkach" klubining o'smirlar jamoasida 5 yil davomida to'p tepdim. 2017 yilda Vengriyaning "Kishvarda" klubiga ko'chib o'tdim. So'ngra yana Ukrainaga qaytib Raxovning "Karpaty" jamoasida o'ynadim. 2019 yilning yozidan 2020 yil mart oyiga qadar Slovakiyaning "Rimavska-Sobota"da o'ynadim va keyin koronavirus pandemiyasi boshlandi. Pandemiya tufayli Slovakiyaga bora olmadim. Shu paytda hattoki futbolni tugatish haqida ham o'ylab qolgandim. Orada jiyanimgni "Munkach" futbol maktabiga olib borganimda klub direktori bilan uchrashib qoldim. U klubning maqsadi yuqori ekanini ta'kidladi shu bois yana sobiq klubimga qaytishga va futbolni davom ettirishga o'zimda kuch topa oldim. Agentlar mening o'yinimni ko'rib Belarusga "Energetik-BGU"ga o'tishimga yordam berishdi. Bu yerda Yurevich Anatoliy Ivanovich qo'l ostida juda jiddiy mashg'ulotlarni boshdan kechirdim. Ba'zida kuniga 3 mahal mashg'ulotlar bo'lardi. Aynan shu inson tufayli ham hozirgi darajaga chiqdim desam bo'ladi.
- O'zbekistonlik futbol muxlislari "Energetik-BGU" klubini yaxshi bilishadi. Siz aynan shu klubda o'zbekistonlik ko'plab futbolchilar bilan birga o'ynagansiz.
- "Energetik-BGU"dagi faoliyatim ajoyib o'tdi. O'zimga bo'lgan ishonch qayta paydo bo'ldi. Bobir Abdixoliqov bilan birgalikda hujumda to'p tepgan yiligimiz u 26 ta to'p bilan gol urish bo'yicha rekordni yangilagandi. O'sha yil men unga ko'plab golli uzatmalar bergandim. Bobir bilan hozir ham gaplashib turamiz. Husanov esa hozir top klubda o'ynamoqda va biroz vaqti kamroq ekanini tushunaman. 2024 yil "Naftan" safida to'p tepdim va 9 ta gol urishga erishdim. Mavsum tugagach oldimda O'zbekistondan tashqari juda ko'p variantlar bor edi. Latviya, Albaniya, Qozog'iston va boshqa mamlakatlardan.
- "Qizilqum"ga o'tish qanday amalga oshdi?
- Qishda agentlar orqali "Qizilqum" varianti ham paydo bo'ldi. Shunda men sobiq jamoadoshlarim Bobir Abdixoliqov va Shohruh Abdurahmonovdan O'zbekiston va xususan "Qizilqum" haqida so'radim. Har ikkasi ham kelishni maslahat berishdi. Bundan tashqari mening o'yinlarim videosini "Qizilqum" ustozi Nikola Lazarevichga ko'rsatishgan va bosh murabbiyning shaxsan o'zi meni jamoada ko'rishni istagan. Bu yerga kelib Lazarevich bilan birga-bir gaplashdik va mendan nima xohlayotganini tushundim.
O'zbekiston chempionati juda ham qiziqarli ekan. Har bir jamoa maydonga g'alaba uchun tushmoqda va barcha o'yinlar qiyin o'tmoqda.
- Abdixoliqov va Husanovni qanday yodga olasiz?
- Ikkalasi ham hayotda tarbiyali yigitlar. Maydonda esa haqiqiy professionallar. Ularni yaxshi saviyadagi futbolchilar deb bilaman. "Energetik-BGU"ga kelganimda Husanov o'sha yerda edi. Yosh va qobiliyatli yigitning maydondagi harakatlarini ko'rib hayron qolardim. Uning maqsadlari o'shandayoq katta edi. Mashg'ulotlarda 100 foiz ishlardi.
- O'zbekiston Superligasida gol urish qiyinmi yoki oson?
- Nima desam ekan. Hozircha Superligada bitta gol urdim. Yana bitta golni kubokda urdim. Chempionat va mamlakatga moslashishda davom etmoqdaman. Superliga saviyasi ham yuqori ekanini aytdim. Har bir o'yinga gol urish va jamoamga foyda keltirishni o'ylab tushaman. Eng asosiysi g'alaba, shaxsiy natijalarim esa ikkilamchi.

- Belarus va O‘zbekiston chempionatlarini taqqoslay olasizmi? Chempionatlarning kuchli jihatlari nimada?
- O‘ylashimcha oxirgi 5 yilda Belarus chempionati saviyasi biroz tushdi, O‘zbekistonda esa aksincha 5 yilda saviya o‘sdi. Buni kelayotgan kuchli legionerlardan ham ko‘rish mumkin. Belarus chempionatida ko‘p futbolchilar jismoniy tomondan kuchli, O‘zbekistonda esa texnik futbolchilar ko‘proq. O‘zbekistonda umuman olganda futbol rivojlanib bormoqda. Milliy terma jamoa deyarli Jahon chempionatida, yaqindagina U-17 terma jamoa Osiyo chempioni bo‘ldi, Husonov 2 yil oldin U-20 terma jamoasi bilan Osiyo chempioni bo‘lgandi.
- O‘zbekistonda futboldan tashqari nimalar yoqdi?
- Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘ldim. Tarixiy obidalarni ko‘rib katta taassurotlar oldim. O‘zbek milliy taomi oshni tanovul qildim. Menga juda yoqdi. O‘zbekistonda baxtliman.
- Nikola Lazarevich haqida nima deya olasiz?
- Bosh murabbiy bilan birga ishlayotganimga uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q. Lekin kuchli mutaxassis ekanini sezdim. U doim bizni g‘alabaga chorlaydi. Juda og‘ir va bosiq inson. O‘yindan-o‘yinga kuchayib borishimiz uchun nimalar qilish kerakligini aytadi. Bizga ishonadi, biz ham unga ishonamiz.
- Maksim Shatskixning o‘yinlarini ko‘rganmisiz?
- Uning "Dinamo"dagi faoliyati juda ajoyib chiqqanini faqat raqamlar orqali bilaman xolos. Chunki yosh bo‘lganman. Lekin Kievning "Arsenal" klubida o‘ynagan paytida men maydon chetida Shatskixga to‘p olib berib turganlarimni eslayman.