Florentino Peres «Real»ni 2029 yilgacha tark etmaydi — manba
Madridning «Real» klubi prezidenti Florentino Peres jamoani yaqin yillarda tark etmaydi. COPE nashrining xabariga ko‘ra, funksioner kamida 2029 yilgacha — o‘z vakolatlari muddati yakuniga qadar — klubda qoladi.
Manbaga ko‘ra, Peres «qaymoqranglilar»ni bir necha yirik loyihalarni tugatmasdan tark etishni istamayapti. Ularning eng muhimlaridan biri — «Santyago Bernabeu» stadionining to‘liq rekonstruksiyasi.
Avvalroq ommaviy axborot vositalarida Peres kelasi yili o‘z lavozimini topshirishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Eslatib oʻtamiz, Florentino Peres «Qirollik klubi»ga ilk bor 2000 yilda prezident sifatida kelgan va 2006 yilgacha faoliyat yuritgan. 2009 yilda esa u yana klub boshqaruviga qaytgan.
Maʼlumot uchun, Peres rahbarligida «Real» jami 37 ta sovrinni qo‘lga kiritdi, jumladan, yetti marotaba Yevropa Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘ldi.