Florentino Peres «Real» futbolchilariga YChL yarimfinali uchun 500 ming yevro mukofot va’da qilgan edi — AS
«Real Madrid» prezidenti Florentino Peres va klub rahbariyati UEFA Chempionlar Ligasining yarimfinaliga chiqqan taqdirda, har bir futbolchiga 500 ming yevro miqdorida mukofot puli taklif qilgan. AS nashrining xabar berishicha, ushbu qaror jamoani qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida «Bavariya»ga qarshi chorak finalning dastlabki uchrashuvidan so‘ng qabul qilingan.
Klub rahbariyati bu xarajatlarni UEFA tomonidan beriladigan mukofot pullari hisobidan qoplashni rejalashtirgan edi: yarimfinalga chiqish «Real»ga 15 million yevro kafolatlangan daromad keltirardi. Shuningdek, madridliklar keyingi bosqichdagi uy uchrashuvi chiptalari sotuvidan ham shuncha miqdorda mablag‘ ishlab olishlari mumkin edi.
Biroq, taklif etilgan katta miqdordagi bonusga qaramay, jamoa turnirni tark etdi. «Real» chorak final bahslarida «Bavariya»ga 1:2 va 3:4 hisoblarida imkoniyatni boy berdi. Eslatib o‘tamiz, klub so‘nggi bor 2023/2024 yilgi mavsumda Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylangan bo‘lib, o‘shanda hal qiluvchi bahsda Dortmundning «Borussiya» jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etgan edi.