Flik Messi bilan bir jamoada ishlash haqida gapirdi: «Nega endi yoʻq?»
«Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flik Lionel Messi bilan ishlash istagi bor-yo‘qligi haqidagi savolga javob berdi. Hozirda 38 yoshli argentinalik hujumchi MLSning «Inter Mayami» jamoasida to‘p surmoqda.
— Messining «Kamp Nou»ga qaytgani tasvirlangan surat sizda qanday tuyg‘u uyg‘otadi? Uni mashq qildirishni xohlarmidingiz?
— Nega yo‘q? U so‘nggi 10 yildan ortiq vaqt davomida eng yaxshi futbolchi bo‘lib keldi. Uning o‘yinini har doim qadrlaganman. Lekin unda 2028 yilgacha shartnoma bor, menda esa 2027 yilgacha... Bu savol menga emas, deb o‘ylayman, — deya Flikning so‘zlarini keltiradi AS.
Maʼlumot uchun, Messi «Barselona» tizimida 2000–2021 yillar davomida faoliyat yuritgan va klub safida yetti marta «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan.